Xitoyda 3 ming yillik oltin niqob topildi

Mashhur Sansindui chuqurlarini o'rganayotgan xitoylik arxeologlar 500 dan ortiq yangi topilmalarni, shu jumladan, taxminan 3 ming yillik katta oltin niqobni topdilar.

Arxeologlar ilgari tadqiq qilinmagan oltita qurbonlik quduqlarini ko'zdan kechirdilar va zarif oltin niqoblar, oltin folga, bronza niqoblar, bronzali muqaddas daraxtlar, fil suyagi hamda undan yasalgan buyumlar, nefrit parchalarini topdilar, deya xabar beradi “Sinxua”.

Oltin niqobning eng katta bo’lagi arxeologlarni avvalgi topilmalar bilan taqqoslaganda kattaligi bilan hayratga soldi. Uning eni taxminan 23 sm, balandligi 28 sm va og'irligi taxminan 280 grammni tashkil etadi. Olimlarning ta'kidlashicha, butun niqob 500 grammni tashkil qilishi mumkin. Dastlabki tekshiruv natijalari shuni ko'rsatdiki, topilma tarkibida 84 foiz oltin mavjud.

Arxeologlar, shuningdek, 3000 yillik tarixga ega chirigan ipak izlarini topdilar. Bu Sansindui madaniyatida ipakdan foydalanilganligining dastlabki dalillari hisoblanadi.

Sansindui - Xitoyning Chendu mintaqasida topilgan neolit ​​va ilk bronza davrining arxeologik madaniyatidir. 1929 yilda quduq qaziyotgan mahalliy dehqon Sansindui shahri yaqinidan nefrit buyumlar xazinasini topgan.