Xitoylik investor Uchqo‘rg‘onda qisqa fursatda 4 milliardlik mahsulot ishlab chiqardi

Namangan viloyati Uchqo'rg'on tumanida Xitoy Respublikasi fuqarosi Hou Liang tomonidan yangi xorijiy korxonaga 5 million dollar investitsiya kiritildi.

Ayni paytda bu yerda agrar sohada unumli sanalgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasining zarur mahsulotlari tayyorlanmoqda. Hozirda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talab juda yuqori.

O‘tgan vaqt mobaynida iste’molchilarga 4 milliard so‘mlik mahsulot yetkazib berildi. Asosiy xaridorlar ichida Toshkent va boshqa viloyatlardagi fermer xo‘jaliklari bor.

– O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati imkoniyatlari, ishbilarmonlarga yaratilgan sharoitlardan ko‘nglim to‘ldi. Qulay ishlab chiqarish infratuzilmasi, mahalliy aholining mehnatga bo‘lgan intilish va rag‘bati har qanday investorga kuch beradi, – deydi xitoylik investor Hou Liang.

Ta'kidlash joizki, xorijiy investorlar ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalarning yurtimizda faoliyat yuritishi eng avvalo, xalqimiz farovonligini oshirish, qolaversa, mamlakat iqtisodiyotini ravnaq toptirish, aholining ishsiz qatlamlari bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.