Xitoylik investorlar bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi

Toshkent shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi bilan hamkorlikda Oʼzbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy ishbilarmon va investitsiyaviy doiralari vakillari bilan uchrashuv tashkil qildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, tadbirkorlar davlat tomonidan doimiy qoʼllab-quvvatlanayotgani, ular bilan muntazam muloqotda boʼlinayotgani hamda ishbilarmonlar duch kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal etishga intilish borligi tufayli investorlarning ishonchi tobora ortib, investitsiyaviy muhit yaxshilanayotgani maʼlum qilindi.
Jumladan, soʼnggi besh yil ichida Oʼzbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli darajada oshdi. Xususan, agar 2017-yilda 870 ta shunday korxona mavjud boʼlgan boʼlsa, bugungi kunda ularning soni 2 mingga yaqinlashdi. Xitoy biznesining Oʼzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 9 mlrd dollarga yetdi.
Muloqot norasmiy tarzda kechdi. Bundan maqsad ishbilarmonlarda yuzaga kelayotgan muammolarni ishonchli muhitda muhokama qilish va ularni joyida hal etishning maqbul mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, bildirilgan takliflar asosida Xitoy kapitalining Oʼzbekiston bozoridagi mavqeini mustahkamlashning istiqbolli yoʼnalishlarini koʼrib chiqishdir.
Uchrashuvda Oʼzbekistonda faoliyat koʼrsatayotgan 20 dan ortiq Xitoy kompaniyalari vakillari qatnashdi. Ular orasida ZTE Corporation, Asia Trans Gas, China Construction, Shanghai Construction kabi yirik kompaniyalar bor. Tadbirkorlar oʼz faoliyati haqida qisqacha maʼlumot berib, joriy etilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar, yaqin istiqboldagi rejalar, shuningdek, amalda duch kelinayotgan muammolar haqida soʼzlab berdi.
Uchrashuv yakunida tashkil qilingan muloqot formatining samaradorligi qayd etildi va bunday uchrashuvlarni muntazam ravishda oʼtkazish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi.






