Xitoyning «CAMCE» kompaniyasi O‘zbekistonda dor yo‘llari quradi

ShHT sammiti doirasida Samarqandda hamkorlik rivojlantirishga qaratilgan ko’plab hujjatlar imzolandi. Shu o’rinda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Injiniring bo‘yicha “Xitoyning “CAMCE” korporatsiyasi” OAJ direktorlar kengashi raisi Van Bo o’rtasida ham turizm sohasida o‘zaro hamkorlik qilish borasida memorandum imzolandi.
Turizm sohasida o‘zaro foydali hamkorlik qilish va do‘stona munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash, tenglik qoidalari va o‘zaro hurmatga asoslangan memorandumda quyidagilar muvofiqlashtirilgan:
Oʻzbekiston Respublikasida investitsion qurilish loyihalarini amalga oshirish va dor yoʻllarini ekspluatatsiya qilish boʻyicha hamkorlik oʻrnatish;
bitim doirasida investitsion loyihalarni ommalashtirish uchun ekspertlarni jalb qilish;
dor yoʻllarini qurishga moʻljallangan joylarni tanlash hamda hamkorlikning texnik va moliyaviy darajadagi tafsilotlarini aniqlashtirish uchun mutaxassislar guruhini yuborish;
dor yoʻllarini ekspluatatsiya qilish va boshqarish boʻyicha oʻquv tashkillashtirish.
Qayd etish joizki, ushbu memorandum kelgusida Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, mazkur bitimni tayyorlash doirasida Injiniring boʻyicha Xitoyning “CAMCE” korporatsiyasi vakillari hududning infratuzilma sharoitlarini oʻrganish uchun Boʻstonliq tumaniga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida Xitoy korporatsiyasining delegatsiyasi “Chorvoq” TRZ direksiyasining investitsion loyihalari, shuningdek, tumanda dor yo‘llarini qurishga qiziqish bildirdi.
P.S. ShHT sammiti doirasida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida 15 ta hujjat imzolandi.






