Xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-dekabr kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Joriy yil 11-mayda davlatimiz rahbarining “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda mazkur sohani muhim drayverga aylantirish va 2023-yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish belgilandi.
30-sentabrda yana bir muhim hujjat – “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilinib, pandemiya davrida umumiy ovqatlanish, savdo, turizm, transport sohalari uchun berilgan imtiyozlar muddati uzaytirildi. Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda aytilgan muammolar hal etildi.
Joriy yilda jami 18 trillion so‘mlik 29 mingta loyiha amalga oshirilib, xizmatlar sohasi 20 foizga o‘sgan. Lekin, 5 ta tuman va shaharda o‘sish sur’ati kam bo‘lgan. Umuman, joylarda aholiga xizmat ko‘rsatish darajasi pastligicha qolmoqda.
Shu bois yig‘ilishda xizmatlar sohasini keng rivojlantirish, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari bu borada har bir hududga alohida yondashuv zarurligini ta’kidlab, aniq misollar keltirdi. Tuman va shaharlarning aholi soni, geografik joylashuvi, iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, 3 ta yo‘nalish belgilandi.
Birinchi yo‘nalish – xizmatlar sohasini 158 ta tumanda rivojlantirish.
Ikkinchi yo‘nalish - 29 ta o‘rta va yirik shahar hamda aholisi 300 mingdan ko‘p 6 ta tumanda zamonaviy bozor xizmatlarini rivojlantirish.
Uchinchi yo‘nalishda - Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida yuqori daromadli xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.






