Xorazmda 6,4 trillion soʼmlik 698 investitsiya loyihasini hayotga joriy qilish rejalashtirilgan

Joriy yilning 28-iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʼyicha Hukumat komissiyasi Xorazm viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi holatini oʼrganish va uni yanada ragʼbatlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadida mazkur hududga yoʼl oldi.
Komissiya aʼzolari korxonalar va sanoat obyektlarida boʼldilar hamda tadbirkor va eksportchilar bilan muloqot qilib, ishlab chiqarish va eksport faoliyati bilan bogʼliq masalalarni muhokama etdilar, shuningdek, xususiy sektor vakillari amalda duch keladigan muammolarni koʼrib chiqdilar.
Oʼtkazilgan tahlil natijalari Komissiya aʼzolari hamda viloyatning tuman va shaharlari mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida videokonferensiya tarzida boʼlib oʼtgan yigʼilishda oʼrganildi.
Yigʼilish kun tartibi doirasida hududiy investitsiya dasturining amalga oshirilishi koʼrib chiqildi. Jumladan, joriy yilda viloyatda qiymati 6,4 trillion soʼmlik 698 investitsiya loyihasini hayotga joriy qilish rejalashtirilgan boʼlib, buning natijasida 15,3 mingga yaqin yangi ish oʼrinlari yaratiladi. Hozirgi kunga qadar ishga tushirilgan ishlab chiqarish obyektlari faoliyati, shuningdek, hududning ustuvor tarmoqlarida yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish boʼyicha ishlarning borishi oʼrganildi.






