Xorij e’tiboriga tushgan Yangi O’zbekiston!

Janubiy Koreyaning “The Korea Times” gazetasida Oʼzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning “Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasi”ga bagʼishlangan maqolasi ingliz tilida chop etildi.
Muallifning yozishicha, 2022-2026-yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi qabul qilinishi toʼliq maʼnoda tarixiy voqea, oʼtgan yillar davomida amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi boʼldi.
“Oʼtgan davrdagi barcha harakatlarimiz xalq bilan muloqotga qaratildi. Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqishda mavjud muammolar inobatga olinib, yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar oʼz aksini topdi. Ushbu hujjatni tayyorlashda mamlakat fuqarolari faol ishtirok etdi. Shuning uchun bu xalq muallifligidagi tarixiy hujjat desak, mubolagʼa boʼlmaydi”, — deb taʼkidlaydi muallif.
Birinchi yoʼnalishning “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” deb nomlanishi ramziy maʼnoga ega.
U belgilangan rejalar xususiyatlarini tavsiflovchi 12ta maqsad va 42 ta vazifani qamrab oladi.
Yaqin besh yilga moʼljallangan ushbu tarixiy hujjat Barqaror rivojlanish talablariga javob beradi. Taraqqiyot strategiyasining amalga oshirilishi 2026-yilgacha BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini ham bir vaqtning oʼzida muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini beradi.
2022-yilda Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturidagi vazifalar ijrosini taʼminlash orqali aholining barcha qatlamlari – oʼrta sinf vakillari va tadbirkorlar, ziyolilar, budjet tashkilotlari xodimlari, harbiylar, faxriylar, oilalar, kam taʼminlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar, umuman olganda, butun xalq ehtiyojlari qondiriladi.






