Xorijiy investitsiya loyihalari doirasida yanvar oyi yakuni bo‘yicha 21,3 mln dollar kredit o‘zlashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov boshchiligida vazirlik, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Loyihani amalga oshirish guruhlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Xalqaro moliya institutlari va Xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari doirasida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, mavjud muammolar, ularning yechimi hamda 2023-yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturlariga kiritilgan 103 ta investitsiya loyihalarining hozirgi holati va loyihalarni amalga oshirish jarayonini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro moliya institutlari va Xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari doirasida 2023-yil yanvar oyi yakuni bo‘yicha 21,3 mln dollar kredit mablag‘lari o‘zlashtirilib, prognoz ko‘rsatkichlari 106 foizga bajarilganligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tegishli rahbarlarga loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini taʼminlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.