Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 10-iyun kuni Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayevaning Jenevaga tashrifi doirasida “Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtiroki: milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi yaxshi amaliyotlar” mavzusidagi panel muhokamalarida ham ishtirok etdi.

Tadbirda xotin-qizlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ayollarni davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish masalalari muhokama etildi.

Unda 70 dan ortiq davlat arboblari, ekspertlar, olim va mutaxassislar ishtirok etdi.

Oʼz navbatida, T.Narbayeva nutq soʼzlab, Oʼzbekistonda gender siyosatini amalga oshirish tajribasiga eʼtibor qaratdi.

Xususan, soʼnggi yillarda Prezident Sh.Mirziyoevning tashabbusi bilan mamlakatimizda gender tenglikni hamda ayollarni jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini taʼminlash, ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, shuningdek, tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilishga qaratilgan keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Shuningdek, Oʼzbekistonda gender tenglikni taʼminlash boʼyicha koʼrilayotgan chora-tadbirlar, “Аyollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisida”gi Konvensiya (CEDAW)ning tatbiq etilishi ishtirokchilarda katta qiziqish uygʼotdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar xotin-qizlar faolligini oshirish, ularning manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash boʼyicha xalqaro darajada oʼzaro tajriba almashish va bu borada muloqotni rivojlantirishga kelishib oldi.