Xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 noyabr kuni davlat ob’ektlarini xususiylashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Iqtisodiyotda davlat ishtiroki kamaytirilib, xususiy tadbirkorlik rivojiga keng o‘rin berilmoqda. 2021-2022 yillarda davlat ulushi bo‘lgan korxonalar sonini kamida 3 barobar qisqartirish rejalashtirilgan. Joriy yilda 4 trillion 500 milliard so‘mlik 619 ta davlat aktivi sotilgan.

Sohada kelgusi yilga mo‘ljallangan vazifalar ham ko‘p. Jumladan, 32 ta yirik davlat aktivini sotish, “O‘zsanoatqurilishbank”ni xususiylashtirish, davlat korxonalarining 368 ta nosohaviy va samarasiz aktivlarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan. Hududlarda 770 ta aktiv sotishga tayyorlangan. Bular orqali budjetga qariyb 10 trillion so‘m tushum ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Mutasaddilarga shu boradagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz davlat korxonalariga strategik investorlarni jalb qilish, faqat mavjud quvvatlarni ishlatish bilan cheklanmasdan, korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari investorlar sarmoya kiritish bilan birga yangi loyihalar taklif qilishi, zamonaviy bilim va texnologiyalarni olib kelishi muhimligini ta’kidladi.