"Yangi O'zbekiston" kitob-albomi taqdimoti bo'lib o'tdi

Bugun Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida O'zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlangan "Yangi O'zbekiston" nomli kitob-albom taqdimoti bo'lib o'tdi. Tadbirda davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, jurnalistlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Kitob-albom axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimlarining ijodiy jamoasi tomonidan nashr etilgan. Unda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so'nggi besh yilda amalga oshirilgan ishlar, mamlakatimizda yangi davlat va jamiyat barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'z boradi.

Taqdimotda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minxodjiddin Mirzo va boshqalar so'zga chiqdilar.

Kitob-albom "O'ttiz yillik murakkab va shonli yo'l", "Yangi O'zbekiston – milliy taraqqiyotning yangi bosqichi", "Davlat organlari xalqimizga xizmat qilmoqda", "Innovatsion asosda qayta qurilayotgan Iqtisodiyot", "Biz serg'ayrat yoshlarimiz bilan birga yangi O'zbekiston qurmoqdamiz", "Xalq va armiya bir butun", "Ma'naviyat – yangi O'zbekiston asosi", "O'zbekiston va tinchlik"kabi 8 ta bo'limdan iborat.

Asar o'zbek (kirill va lotin), rus va ingliz tillarida, jami 30 000 nusxada chop etilgan. Unda o'tgan davr mobaynida respublikaning qoloq mintaqadan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylangani aks ettirilgan.