Yangi Toshkent 5 ta negiz asosida quriladi

Kecha Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri loyihasi konsepsiyasi va poytaxtdagi bunyodkorlik ishlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Davlat rahbari 18 mart kuni Yangi Toshkent shahri loyihasiga tamal toshi qo‘ygan edi. Prezident matbuot xizmatiga koʻra, kechagi taqdimotda uning birinchi bosqichi doirasidagi masalalar ko‘rib chiqilgan.
Bu bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma’muriy binolar, bog‘lar, ijtimoiy va iqtisodiy obektlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Bularni loyihalashtirish va barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun direksiya tuzilgan. Xorijiy megapolislardagi urbanizatsiya hamda qurilish tajribasi o‘rganilgan.
Qayd etilishicha, Yangi Toshkentni administratsiya, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat kabi 5 ta negiz asosida qurish mo‘ljallanmoqda. Bularning har biri tizimdagi bo‘g‘inlar va quyi tashkilotlarni o‘z ichiga oladi.
“Taqdimotda bunyodkorlik jarayonining “yo‘l xaritasi” bo‘yicha ham axborot berildi. Ulkan loyihani amalga oshirish avvalo infratuzilma yaratishdan boshlanadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bunda zamonaviy urbanizatsiya yondashuvlari, “aqlli” texnologiyalar qo‘llaniladi. Masalan, “uch generatsiya” stansiyasi qurilib, ham elektr ishlab chiqariladi, ham binolar qishda isitilib, yozda sovitiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan o‘tkaziladi.
Shuningdek, shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo‘ladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi. Piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda avtomobillar uchun yerosti turargohlari, 14 ta zamonaviy tunel, Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko‘prik bunyod etiladi.
Taqdimot davomida Shavkat Mirziyoyev bo‘lajak shaharda “inson qadri” tamoyilini qaror toptirish, turli yoshdagi odamlarning ehtiyojlarini inobatga olib, barcha qulayliklarni yaratish zarurligini ta’kidlagan. Inshootlarni ekspluatatsiya va transportlar uchun qulay joylashtirish, yashil hududlar ko‘p bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish zarurligini aytgan.






