Hatayda tunda sodir boʼlgan zilzila oqibatida 294 kishi jabrlangan

Turkiya Sogʼliqni saqlash vazirligining qayd etishicha, 18 kishining ahvoli ogʼir, 3 kishi halok boʼlgan.
Birinchi 6,4 ballik yer osti silkinishi mahalliy vaqt bilan 20:04 da qayd etilgan, ikkinchi zilzila soat 20:07 da sodir boʼlgan va 5,8 ball deya qayd etilgan. Zilzila episentrlari mos ravishda Defne va Samandagʼ tumanlari joylashgan.
Birinchi zilzila oʼchogʼi 16,7 kilometr, ikkinchisi esa 7 kilometr chuqurlikda joylashgan. Zilzila kuchi Suriya, Livan, Iordaniya, Iroq, Falastin va Isroilning qoʼshni viloyatlarida ham sezilgan. Suriyaning Idlib, Halab, Xom kabi qator viloyatlari aholisi vahimada koʼchalarga yugurib chiqqan, bir qancha inshootlar qulab tushgan.
Livanda yer osti silkinishi butun mamlakat boʼylab, jumladan, poytaxt Bayrutda ham sezilgan. AFAD fuqarolarni dengiz sathi 50 santimetrga koʼtarilishi mumkinligi sabab sohildan uzoqroqda boʼlishga chaqirgan.
Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay aholidan zarar yetgan binolarga yaqinlashmaslikni soʼragan. Maʼlumotlarga koʼra, 6,4 balli zilziladan keyin Defne tumanida 32 ta aftershock qayd etilgan. Iskandarun shahrida boʼsh uch qavatli bino qulagan.






