Yaponiya vodorodda harakatlanadigan poyezd taqdimotini o’tkazdi

Yaponiyaning eng yirik temiryoʼl kompaniyasi "JR East" vodorod dvigatelida harakatlanadigan "Xibari" poyezdini namoyish qildi.

Poyezd Tokioning janubida Kavasaki shahridagi tajriba bazasida jurnalistlarga koʼrsatildi, deya xabar bermoqda Kyodo axborot agentligi.

Poyezdni sinovdan oʼtkazish ishlari mart oyining oʼrtalarida mamlakat poytaxtidagi trassalarning birida boshlanadi. Dvigatel bakdagi vodorod qoʼshilmasining atmosferadagi kislorod bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi hisobiga elektr quvvatini ishlab chiqaradi. Oʼz navbatida, ishlab chiqilgan elektr quvvati katta hajmdagi batareyalarga toʼplanadi. Аtmosferaga faqat atrof-muhitga ziyoni tegmaydigan zararsiz suv bugʼi tarqaladi.

Bunday turdagi poyezdlar vodorod yoqilgʼisi quyilgandan keyin 140 kilometrgacha harakatlana oladi. Ularni qishloq joylarda hali ham dizelda yuradigan poyezdlar oʼrniga qoʼllash moʼljallanmoqda. JR East kompaniyasi poyezdlari har yili atmosferaga taxminan 2,5 million tonna is gazini chiqaradi. Yangi texnologiyalarni, jumladan, ekologik toza vodorod dvigatellarini joriy qilish evaziga 2030-yilga borib havoga chiqayotgan is gazini ikki barobarga kamaytirish rejalashtirilmoqda.

2050-yilga kelib esa, JR East is gazini havoga chiqarishni butunlay toʼxtatishni moʼljallamoqda. Bu Yaponiya hukumatining asrimiz oʼrtalariga borib sanoat korxonalari va avtomobillarning is gazini havoga chiqarilishiga butunlay barham berish rejasiga mos kelishi taʼkidlanmoqda.