YeIga a’zo davlatlar 2035-yildan to'liq elektromobillarga o‘tishi mumkin

Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar 13 yildan so‘ng o‘z hududida ichki yonuv dvigatelli yangi avtomobillarni sotish va ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlashi mumkin. Qayd etilishicha, bu qaror Yevropa komissiyasi va Yevropa parlamenti tomonidan ma’qullangan.

Shu bilan birga, bir qator yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari, xususan, Volkswagen, Jaguar, Ford, Bentley Motors, Peugeot, Citroen va Fiat shu vaqtga kelib, ehtimol undan ham oldinroq o'zlarining Yevropa liniyalarida faqat elektromobillarni qoldirishlarini e'lon qilishdi.

Ammo bu yetakchi konsernlar boshqa mintaqalar uchun an’anaviy avtomobillar ishlab chiqarishdan voz kechishini anglatmaydi.

Ta’kidlanishicha, 2035-yildan boshlab benzin va dizel dvigatelli yangi avtomobillarni sotishni to‘liq taqiqlashdan tashqari, Yevropa Ittifoqi davlatlari CO2 chiqindilari bo‘yicha yanada qattiq standartlarini joriy etishga kelishib oldilar. 2030-yilga kelib ularni 2021-yil darajasiga nisbatan 37,5 foizga emas, 55 foizga kamaytirishga qaror qilindi.