Yer maydonlarini baholash ekspertizadan oʼtkazilmaydi

Yigʼilishda oy yakuni bilan 25 mingta yer uchastkalarini servis va savdo obyektlari uchun auksionga chiqarish shartligi koʼrsatib oʼtildi.

Masalan, Oltiariq tumani soʼnggi ikki oyda 1,6 mingta yer uchastkasini auksionga chiqardi.

Buning uchun tuman ishchi guruhi tadbirkorlar bilan uchrashib, ular uchun maqbul boʼsh yer uchastkalarini ajratib olgan, xususiy loyiha tashkilotlarini jalb qilib, topografik xaritalarni ishlab chiqqan, auksionga chiqarish uchun 15 ta idora bilan 7-10 kunda kelishilgan.

Prezident bu tajribani barcha tuman va shaharlarda joriy qilish kerakligini taʼkidladi.

Endilikda:

yerlarni auksionga chiqarish jarayonlari ijarada – 48 kundan 15 kunga, mulk huquqida – 74 kundan 20 kunga qisqartiriladi;

yer maydonlarini baholash ekspertizadan oʼtkazilmaydi, haqiqiy bahosi auksionda aniqlanadi;

2023-yil 1-yanvardan boshlab yerlarni auksionga chiqarishda kadastr idoralarida bor maʼlumotlarni boshqa idoralar bilan kelishish tartibi bekor qilinadi.

Bunda, javobgarlik kadastrga maʼlumot taqdim etmagan idora rahbariga yuklanadi.