Yevropa Ittifoqi va Oʼzbekiston: Koʼp yillik indikativ dasturni ishga tushirdi

Joriy yilning 10-mart kuni Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqining Oʼzbekiston uchun 2021-2027-yillarga moʼljallangan yangi Koʼp yillik indikativ dasturini ishga tushirish boʼyicha konferensiya boʼlib oʼtdi. Unda Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik boʼyicha komissari Yutta Urpilaynen ishtirokchilarga qutlov soʼzi bilan murojaat qildi.
Tadbirda, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining rahbariyati, Yevropa Ittifoqining Elchisi Sharlotta Аdrian, Oʼzbekistonning asosiy vazirlik va idoralari, xalqaro tashkilotlar hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining Oʼzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
S.Umurzakov oʼz murojaatida Oʼzbekistonning Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar bilan uzoq muddatli, koʼp qirrali va jadal rivojlanib borayotgan hamkorligini taʼkidlab, YeI tomonidan mamlakatimizda keng koʼlamli tarkibiy islohotlar hamda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda koʼrsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.
Tadbir davomida 2021-2027-yillarga moʼljallangan navbatdagi dastur doirasida Yevropa komissiyasi bilan ikki tomonlama moliyaviy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirishning asosiy yoʼnalishlari muhokama qilindi. Yangi indikativ dastur doirasida dastlabki bosqichda 2021-2024-yillarga 83 mln. yevro, shu jumladan texnik yordam va budjetni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha birgalikda ishlab chiqilgan loyihalar va dasturlar uchun 76 million yevro, shuningdek fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish boʼyicha tadbirlarni qoʼllab-quvvatlash uchun 7 million yevro ajratilishi maʼlum qilindi. Dasturning ustuvor yoʼnalishlari Oʼzbekistonning 2022-2026-yillarga moʼljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarga toʼliq mos kelishi taʼkidlandi.






