Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston: tovar ayirboshlash hajmi 4,4 mlrd dollarni tashkil etdi

Bugun, 30-yanvar kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian bilan uchrashdi. Kun tartibidan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda munosabatlarni chuqurlashtirish, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi doirasidagi hamkorlik va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar o’rin oldi.
Muloqot chogʻida oʻzaro tovar ayirboshlashning oʻsish dinamikasi taʼkidlandi. Uning hajmi 2022-yilda 15,7 foizga oshib, 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan oʻzaro savdo hajmi bo‘yicha yetakchi beshtaligiga Germaniya, Litva, Italiya, Polsha va Fransiya kiradi.
O‘sish tendensiyalari, boshqa jihatlar bilan bir qatorda, O‘zbekistonning GSP+ preferensiyalar tizimining benefitsiari maqomiga ega bo‘lgani bilan bog‘liq. Yevropa Ittifoqi bozoriga yetkazilgan eksport hajmining o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga oshgani va diversifikatsiya qilingani aynan shu maqom beradigan imtiyozlar bilan bog‘liq.
Yevropa tomoniga mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi jarayonida, xususan, Ittifoq tomonidan moliyalayotgan “Oʻzbekistonning JSTga kirish jarayoniga koʻmaklashish” loyihasini amalga oshirish orqali koʻrsatilayotgan texnik va maslahat yordami uchun minnatdorlik bildirildi.
Alohida tartibda ikki tomonlama moliyaviy va texnik hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, ijrosiga 76 million yevro ajratilgan 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bo‘yicha yangi ko‘p yillik indikativ dasturi ko‘rib chiqildi.






