Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo Vazirlar uchrashuvi to'g'risida

2021-yil 22-noyabr kuni Dushanbe shahrida "Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo" formatidagi 17- vazirlar uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O'zbekiston tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha Oliy vakili Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlarning dolzarb masalalari, xavfsizlikning umumiy muammolari, savdo, investitsiya, ekologiya sohalarida kooperatsiyani kengaytirish istiqbollari, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar.

O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o'z nutqida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi hamkorlikning innovatsion modelini shakllantirish, uzoq muddatli istiqbolda yangi o'sish nuqtalarini aniqlash bo'yicha qat'iy choralar ko'rish muhimligini ta'kidladi.

Afg'onistonda gumanitar falokatni oldini olish, mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, Afg'oniston tomoni bilan konstruktiv muloqotni yo'lga qo'yish bo'yicha tezkor va kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta'kidlandi.

Uchrashuv natijalariga ko'ra Qo'shma bayonot qabul qilindi.