Yevropa Ittifoqining Oʼzbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi

Joriy yilning 13-may kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yevropa Ittifoqining Oʼzbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlott Аdrian bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Muzokaralar chogʼida Oʼzbekiston va YeI oʼrtasidagi koʼp qirrali savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya-texnikaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Unda respublikaning JSTga qoʼshilishi boʼyicha Ishchi guruhining 5-yigʼilishini oʼtkazish masalalari, boʼlajak Oʼzbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorlik qoʼmitasi yigʼilishining kun tartibi va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.

Joriy yilning birinchi choragida Oʼzbekiston va YeI oʼrtasida tovar aylanmasining 30% ga oʼsishi, shu jumladan, Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferentsiyalar bosh tizimi benefitsiari maqomi tufayli Oʼzbekiston mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilish hajmi 56%ga oshishi kuzatildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar Oʼzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʼrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qoʼshma tashabbus va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldilar.