Yil boshidan 764 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimizdagi qulay biznes muhiti samarasida so‘nggi yillarda chet el korxonalari 5 mingtadan 16 mingtaga ko‘paydi. Har bir tuman va shaharga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib keldi.

Eksport qiluvchi korxonalar soni besh yilda 4 ming 500 tadan 7 ming 200 tagacha ko‘paydi. Eksport qilinayotgan mahsulot turlari ham 1 ming 500 tadan qariyb 3 mingtagacha oshib, geografiyasi 139 ta mamlakatdan 164 taga yetdi. Tayyor mahsulot eksporti 2 baravarga, ularning tovarlar eksportidagi ulushi 50 foizdan 65 foizga oshdi.

Bu sur’atni izchil davom ettirib, joriy yilda qariyb 11 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Hududlarda 23 milliard dollarlik 12 mingta yangi loyiha, shu jumladan, 3 mingdan ziyod sanoat loyihalari ishga tushirilishi belgilangan.

Yig‘ilishda mutasaddilar shu boradagi ishlar yuzasidan hisobot berdi. Yil boshidan 764 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgani, 1 ming 300 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirilgani qayd etildi. Eksport 3 milliard dollarni tashkil qilgan.

Davlatimiz rahbari bu natijalar yetarli emasligini, dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda ikki karra ko‘proq harakat qilish kerakligini ta’kidladi.

Yuqori texnologik va qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish tizimini joriy qilish, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Sanoat siyosati tadqiqotlari markazini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.