Yiliga 500 million dollarlik import oʼrni qoplanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi hamda "Uzbekistan GTL" zavodining ochilish marosimida ishtiroki munosabati bilan nutq soʼzladi.

"Аvvalo, siz, azizlar bilan boy va qadimiy tarixga ega boʼlgan, ulugʼ alloma va sarkardalarni voyaga yetkazgan saxovatli Qashqadaryo zaminida koʼrishib turganimdan gʼoyat mamnunman.
Bugun, Yangi yil arafasida ushbu qutlugʼ vohada mamlakatimiz sanoatida yana bir yorqin sahifa ochayotgan ulkan voqeaga guvoh boʼlish barchamizga cheksiz quvonch bagʼishlaydi.
Oʼz bagʼrida noyob boyliklarni asrab kelayotgan Gʼuzor tumanida suyultirilgan sintetik mahsulotlar ishlab chiqaradigan GTL zavodi ishga tushirilmoqda.
Аlbatta, bunday ulkan majmuaning qurilishi keyingi yillarda mamlakatimizda sanoat rivojini yangi bosqichga olib chiqish boʼyicha amalga oshirayotgan siyosatimiz natijasi, desak, toʼgʼri boʼladi", dedi davlatimiz rahbari soʼzining avvalida.

Shuningdek, Prezident ishga tushirilayotgan zavodning noyob texnologik ustunliklari va mamlakatimizdagi boshqa sanoat loyihalaridan ajralib turuvchi hususiyatlari haqida soʼz yuritdi.

"Yangi Oʼzbekistonning iqtisodiy qudrati va salohiyati aynan mana shunday majmualarda yaqqol namoyon boʼladi" deya ta'kidladi davlatimiz rahbari.

Majmuada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʼlgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizelь yoqilgʼisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.

Ushbu mahsulotlar hisobiga yiliga 500 million dollarlik import oʼrni qoplanadi, 200 million dollarlik eksport va 2 trillion soʼmlik soliq tushumlari taʼminlanadi.

"Аlohida taʼkidlash kerak, biz 300 million dollarlik gazni qayta ishlab, uni qiymati 3 barobar yuqori va dunyo bozorida talab katta boʼlgan tayyor mahsulotlarga aylantiramiz", - dedi davlatimiz rahbari.