Yirik baliqchilik loyihalariga kelgusi yilda 20 million yevro jalb qilish rejalashtirilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 20-dekabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bu boradagi ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida baliqchilik sohasini rivojlantirish va kooperatsiya asosida baliq yetishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
"Dunyoda oziq-ovqat narxlarining o‘sishi, inflyatsiya xavf-xatarlari kelgusi yilda oziq-ovqat xavfsizligi eng dolzarb masala bo‘lib qolishini yaqqol ko‘rsatmoqda. Shu bois, viloyat hokimlari o‘z hududida baliq yetishtirish holatini tahlil qilib, tadbirkorlar va aholi xonadonlariga barcha sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha tizimli shug‘ullanishi zarur" - dedi Prezident.
O‘tgan besh yilda mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ida umumiy qiymati 2,2 trillion so‘mlik 1016 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida baliq yetishtirish hajmi 6 baravarga oshib, joriy yilda 400 ming tonnaga yetkaziladi. Baliq iste’mol qilish hajmi 2016-yilga nisbatan 5,7 barobarga oshdi.
Yig‘ilishda bu ko‘rsatkichlar yetarli emasligi, mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani tanqid qilindi.
Shu munosabat bilan sun’iy havzalarni intensivlashtirish, tarmoqda klasterlar va kooperatsiya tizimini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Kelgusi yilda baliq yetishtirish hajmini 600 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Bunga erishish uchun Sharof Rashidov tumani tajribasi asosida kelgusi yilda 10 mingta xonadonda intensiv baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Xonadonlarda kooperatsiya asosida yiliga 80 tonnadan ortiq baliq yetishtirgan klasterlar uch yil muddatga soliqlardan ozod etiladi. Xorijdan mutaxassis jalb qilgan klasterlarga esa xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi o‘rnatiladi.
Uyida baliq yetishtiruvchilar uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratiladigan kreditlar miqdori 2 barobarga oshiriladi, bu maqsadlarga kelgusi yilda 400 milliard so‘m va 20 million dollar yo‘naltiriladi.
Baliq yetishtiruvchi xonadon egalari uchun yer va mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilib, ular o‘zini o‘zi band qilgan aholi toifasiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, yirik baliqchilik loyihalariga kelgusi yilda 20 million yevro jalb qilish rejalashtirilgan.
Yig'ilish yakunida, tarmoq va hududlar rahbarlari baliqchilikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi hamda 2022-yilgi rejalarini taqdimot qildi.






