Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 500 ming AQSH dollarigacha kreditlar ajratiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga ko’ra, yoshlar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, innovatsion texnologiyalarga asoslangan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida Hukumat komissiyasining qaroriga asosan Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ularga 500 ming AQSH dollarigacha kreditlar ajratishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2022-yil 1-apreldan 2023-yil 1-aprelga qadar:
mahalliy korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga Yevropa Ittifoqi davlatlariga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 70 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
qo‘shni davlatlarga eksport qilingan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan tovarlar (maxsus turdagi tovarlardan tashqari), ishlar va xizmatlar eksportini shartnoma tuzmasdan hisobvaraq-fakturalar (invoyslar) asosida amalga oshirishda talab etiladigan oldindan to‘lov miqdori 100 foizdan 50 foizga kamaytiriladi.
Bundan tashqari, tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatadi.






