«Zaxiradagi»: Shahzoda Garrining memuari savdo rekordlarini yangilamoqda

Buyuk Britaniyada shahzoda Garrining «Zaxiradagi» (Spare) deb nomlangan munozarali avtobiografiyasi sotuvga chiqdi, kitob javonlarga chiqmasdanoq ham ko'p shov-shuvlarga sabab bo'ldi. Bu haqda The Evening Standard yozmoqda.

Gazetaning yozishicha, qirol Karl III ning kenja o‘g‘li avtobiografiyasini hammaga birinchi bo‘lib taqdim etish uchun 9-yanvarga o‘tar kechasi o‘nga yaqin kitob do‘konlari o‘z faoliyatini to‘xtatmagan. Butun qirollik bo'ylab do'konlar 10-yanvar kuni ertalab sotuvni boshlashgan.

Savdo shoxobchalari uzoq vaqtdan beri derazalariga reklama plakatlarini joylashtirib, kitobga yarim narxda oldindan buyurtma berishni taklif qilishgan. Ba'zi odamlar kitoblarga onlayn buyurtma berishgan va ularni rasmiy sotuv sanasidan bir necha kun oldin olishgan.

Shu bilan birga, Sky New nashriyotining ma'lumotlariga ko'ra, Spare allaqachon tarixdagi eng tez sotilgan badiiy bo'lmagan kitobga aylandi.

Transworld Penguin Random House nashriyoti kitobning qattiq muqovali, elektron va audio formatlarda 400 000 nusxada sotilganini va kitobning muvaffaqiyati hatto eng optimistik umidlardan ham oshib ketganini aytdi.

Eng omadli o'quvchilar esa Ispaniyada bo'lib, o'tgan hafta kitob mamlakat do'konlarda xatolik bilan paydo bo'lgan. Xatolik tezda tuzatildi, biroq bir nechta nusxalari shov-shuvli voqealarni aytib bergan britaniyalik jurnalistlarga yetib borishga ulgurdi.

410 sahifada shahzoda qirollik oilasi hayotining tafsilotlarini, uning a'zolari bilan bo'lgan ichki ziddiyatlarini va o'tmishdagi kutilmagan tafsilotlarni, o'liklar bilan muloqot qilish qobiliyatiga ega bo'lgan folbin bilan suhbatlari va akasi bilan nizolarni ochib beradi.