Zelenskiy Shoyguning qizi, Akinfeev va “Яндекс”ga sanksiya kiritdi

Ukraina “Яндекс”, “VK”, “Rambler”, “1C” va Rossiyaning boshqa IT-texnologik kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi. 254 ta yuridik shaxs, jumladan, Skillbox, Geekbrains va Skyeng taʼlim platformalari cheklovlar ostida qoldi.

Mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan imzolangan sanksiyalar paketi Ukraina hududida aktivlarni blokirovka qilish va faoliyatni taqiqlash, qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni to‘liq yoki qisman taqiqlash, Ukraina hududida parvozlar va tashishlarni cheklash hamda boshqa choralarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, Vladimir Zelenskiy 82 nafar rossiyalik va belaruslik sportchi, jumladan, futbolchi Igor Akinfeev, figurali uchuvchilar Ilya Averbux va Yelizaveta Tuktamisheva hamda gimnastikachi Svetlana Xorkinaga nisbatan sanksiya qo‘llash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Sanksiya ro‘yxatiga Rossiya Triatlon federatsiyasi prezidenti, mudofaa vaziri Sergey Shoyguning qizi Kseniya Shoygu ham kiritilgan.