Ziyorat turizmi salohiyati yuqori bo'lgan davlatlar bilan aviareyslar soni ko'paytiriladi

Prezident mamlakatimizning ziyorat turizmi imkoniyatlaridan toʼliq foydalanish zarurligini taʼkidladi. Turizm va madaniy meros vazirligi oldiga ziyorat turizmi salohiyati yuqori Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Bangladesh va arab davlatlaridan Samarqand, Buxoro va Toshkentga aviareyslarni koʼpaytirish vazifasi qoʼyildi.

Moliya vazirligiga Buxoroda ziyorat turizmi obyektlari infratuzilmasini yaxshilash uchun mahalliy budjetga 40 milliard soʼm ajratish topshirildi.

Mutasaddilarga mamlakatimizdagi 1 ming 200 dan ziyod ziyoratgohlar imkoniyatlarini toʼliq ishga solib, yiliga kamida 1 million sayyoh jalb qilish dasturini tasdiqlashga koʼrsatma berildi.

Ziyoratga kelayotgan turistlarning mazhabi, tariqati, yondashuvi har xilligini inobatga olib, qaysi din yoki mazhab vakillariga qanday ovqatlar taklif qilishni, mehmonxona va ibodat joylarini qanday jihozlashni ilmiy yondashuvlarsiz qilib boʼlmasligi koʼrsatib oʼtildi.

Muqaddas joylar, avliyo va pirlar haqida maʼlumot bera oladigan mutaxassislar va gidlar ham kamligi aytildi.

Shu munosabat bilan Islom akademiyasi, "Ipak yoʼli" universitetiga muddatda ziyorat turizmi oqimi koʼp boʼlgan davlatlar uchun ilmiy asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.