AKIS markazi - innovatsion texnologiyalar va ilm-fan yordamida agrar sohaga yangicha yondashuv

Toshkent viloyatidagi Yuqori Chirchiq tumanida AKIS agro xizmat (qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi) ning taqdimoti bo'lib o'tdi. 

Ushbu markaz, 2021 va 2022 yillara O'zbekiston va Qoraqalpog'iston Respublikasining barcha hududlarida yaratilishi kutilayotgan AKIS markazlarining, 2020-2030 yillarga mo’ljallangan strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Ta'kidlash joizki, har bir hududda AKIS agro xizmat markazlari ma’lum bir xizmatlarni taqdim etishda o'ziga xos noyob formatlarga ega bo'lishi mumkin. 

 

O’zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligi vaziri Jamshid Xodjaev o’z kirish so'zida, markazning tadqiqot sohasini integratsiya qilish amaliy jihatdan muhim ekanligini ta'kidladi. 

 

— Bugungi kunda davlat rahbarining koʼplab farmon va qarorlari, qishloq xoʼjaligini rivojlantirish Strategiyalari ishlab chiqilib, ijro etilyapti... Va, biz bu borada “ilm, innovatsiya va taʼlimsiz zamonaviy qishloq xoʼjaligi boʼlmaydi” degan gʼoyaga tayanamiz. Toshkent viloyatidagi Аgroxizmatlar markazi va u yerda taqdim etilganlarning barchasi butun dunyoda ommalashgan AKIS (Agricultural Knowledge and Innovations System) nomini olgan. 

 

Biz ushbu tizimni Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda va uning koʼmagida yaratmoqdamiz va rivojlantiryapmiz. Markazga kelgan fermerlar, dehqonlar oʼzini oʼz uyidagiday his qilishi, bir joyda turib, davlat yoki xususiy sektor orqali ham ilm, ham kerakli xizmatlarni olsin, ehtiyojidagi mahsulotlar — yirik texnika va texnologiyadan tortib, oʼgʼitlargacha olib ketsin. 

 

AKIS markazlari orqali nafaqat fermer-dehqonlar zaruriy bilimga ega boʼladi, balki bu bilan biz qishloq xoʼjaligi sektorining barcha davlat tashkilotlarini transformatsiya qilishni moʼljallaganmiz - dedi vazir.  

 

Ushbu markazda davlat qishloq xo'jaligi xizmatlari paviloni, labaratoriya, o'quv va ma'ruza auditoriyalari, 9 xil yo’nalishdagi mobil laboratoriyalar, demo-dalalari, AKIS tajriba-namoyish maydonlari, "AKIS Agroxizmatlari" xususiy sektor xizmatlari paviloni mavjud, bundan tashqari agrobozor qishloq xo'jaligi bozori tashkil etilgan. 

 

AKIS qishloq xoʼjaligidagi bilim va innovatsiyalar tizimi Oʼzbekiston Respublikasi Qishloq xoʼjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi PF-6159-sonli "Qishloq xoʼjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar koʼrsatishni yanada rivojlantirish toʼgʼrisida"gi Farmoni bilan tasdiqlangan.

 

“Evropa Ittifoqidagi (va dunyoning boshqa mamlakatlaridagi) barcha АKIS tizimlarini birlashtiradigan asosiy element — bu aslida odamlar va tashkilotlarni oʼzaro oʼrganish, ijodkorlik, qishloq xoʼjaligi bilan bogʼliq bilim va maʼlumotlar almashish, — deya taʼkidladi Yevropa Ittifoqining Oʼzbekiston Respublikasidagi elchisi Sharlotta Аdrian xonim. — Ulardan ayrim insonlarning, xususan, ayollarning hayotini yaxshilash uchun, hamda qimmatbaho tabiiy boyliklarimizdan barqaror foydalanishni taʼminlashga intilish muhimdir”.

 

АKIS markazi Markaziy Osiyo uchun yangi va noyob tizim hisoblanadi, unda fermer, dehqon xoʼjaliklari, klasterlar, tomorqa yer egalari uchun keng koʼlamdagi — 100 DАN ORTIQ agroxizmatlar taqdim etiladi, shuningdek oʼz maqsadli auditoriyasi bilan toʼgʼridan-toʼgʼri samarali muloqotga kirishishga intiluvchi xususiy va xorijiy agro-yoʼnaltirilgan kompaniyalar uchun sharoitlar taqdim etilgan.