«Doing business»dagilar «O‘zbekiston protokoli»dan xabari yo‘q

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasining ma’lum qilishicha, «Biznes yuritish» hisoboti mualliflari va bankning mintaqadagi vakillari 2018 va 2020 yillarda reyting ma’lumotlaridagi nomuvofiqlik bo‘yicha surishtiruvda tilga olingan «O‘zbekiston protokoli»dan xabardor emas.

WilmerHale hisobotida «O‘zbeksiton protokoli» deb nom olgan amaliyot qisqacha tilga olinadi. Shu bilan birga, Doing Business jamoasi a’zolari ushbu «protokol» haqida bilmasliklari, bu tasdiqlangan metodologik tamoyil emasligi ham qayd etilgan.

JB vakolatxonasining bayonotida shunday deyiladi:
«Jahon banki so‘nggi yillarda O‘zbekistonning ochiq bozor iqtisodiyoti yo‘lidagi keng va ulkan maqsadli iqtisodiy transformatsiyasi doirasida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu islohotlar ichki va tashqi savdoni erkinlashtirishni, tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish va litsenziyalash tartibini soddalashtirishni, shuningdek, soliq tizimini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu islohotlar natijasida ishbilarmonlik muhiti va davlat moliyaviy boshqaruvida o‘zgarishlar amalga oshdi».

2018−2019-yillarda O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi yangi ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari va korxonalar sonining sezilarli o‘sishi kuzatildi.

Shuningdek, «meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmi oshdi, yangi korxonalar va daromad solig‘ini to‘laydigan shaxslarni ro‘yxatga olish esa yangi rekord ko‘rsatkichlarni qayd etdi», — deyilmoqda bayonotda.