Adliya vazirligi Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqaradi

Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlar uchun yagona huquqiy manba - Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov xabar bedi.

Vazirning so'zlariga ko'ra, Tadbirkorlik kodeksi joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi.

“Hamma bitta narsani tushunishi kerakki, tadbirkorlikning asosiy mohiyati – bu foyda olish, samaradorlik va olingan foydani yana investitsiya qilishdan iborat. Ya’ni tadbirkor foydani qancha ko‘p olsa, shuncha ko‘p investitsiya qiladi va bu mamlakatning o‘sishiga xizmat qiladi. Demak, tadbirkorning o‘sishidan davlat manfaatdor”, - deya ta’kidladi R.Davletov.

Shuningdek, ushbu tashabbus fuqarolarga o'z tadbirkorligini rivojlantirishga yordam berishini qo'shimcha qilib aytdi.

"Tadbirkor ishlashi, g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishi kerak, u faqat hujjat, katta byurokratiyani ichida ko‘milib ketsa, ishini kim qiladi? Shuning uchun unga qo‘lida bitta kompakt, tushunarli huquqiy me’yorlar to‘plami zarur", - deya yakunladi vazir.

Ta'kidlash joizki, ushbu tashabbus qonunchilik hujjatlarini stabillashtirish va davlatning tadbirkorlik sohasidagi aralashuvini kamaytirishga qaratilgan. Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog'liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar mavjud. Yangi huquqiy manba ular o'rtasidagi ziddiyatlarning oldini olish maqsadida barcha normativ-huquqiy hujjatlarni bitta to'plamda to'plashga yordam beradi.