Prezident investitsiya va shaharsozlik loyihalarini shakllantirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi

2021 yil 12 aprelda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan bir qator investitsiya loyihalari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.

2021-2023 yillarda Toshkentda 10,7 milliard dollarlik 1390 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish va qariyb 98 mingta ish o'rinlarini yaratish rejalashtirilmoqda. Xususan, joriy yilda 4,1 milliard dollarlik investitsiyalarni o'zlashtirish rejalashtirilgan.

Birinchi chorakda poytaxtda 1,8 trillion so'mlik 130 loyiha ishga tushirildi, qariyb 2 ming yangi ish o'rinlari yaratildi. Xususan, sanoatda 55 ta, xizmat ko'rsatish sohasida 63 ta va uy-joy qurilishida 12 ta loyiha amalga oshirildi.

Bundan tashqari, Toshkent korxonalari 2021-2023 yillarda 3 milliard dollarlik mahsulot eksport qilishni rejalashtirmoqda. Joriy yilda qiymati 800 mln. dollardan ortiq bo'lgan sanoat mahsulotlari va qariyb 70 mln. dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari eksport tuzilmasini diversifikatsiya qilish va uning nomenklaturasini kengaytirish bo'yicha rejalashtirilgan ko'rsatkichlar bilan cheklanmagan holda, qo'shimcha loyihalarni shakllantirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.

Taqdimot davomida davlatimiz rahbariga Andijon shahri yaqinida qurilishi rejalashtirilgan “Yangi Andijon” turar-joy massivining bosh rejasi to'g'risida ham ma'lumot berib o’tildi.

Andijon mamlakatimizda aholi zichligi eng yuqori bo'lgan shahar sanaladi. Shaharni kengaytirish uchun imkoniyatlar deyarli tugagan.