Turkiy kengashga a'zo mamlakatlar axborot muhitida hamkorlikni kuchaytirish masalasini muhokama qildilar

10 aprel kuni Ozarbayjon Prezidentining yordamchisi - Prezident ma'muriyati tashqi siyosat bo'limi mudiri Hikmet Gadjiyev raisligida Turkiy kengashga a'zo davlatlarning axborot va media bo’yicha mas'ul vazirlik va idoralari rahbarlarining III yig'ilishi bo'lib o'tdi.

O'zbekistondan tashrif buyurgan delegatsiyaga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Ma'muriyati huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining direktori Asadjon Xo'jayev boshchilik qildi. O'zbekiston tomonidan Turkiy kengashga a'zo davlatlar bilan axborot va OAV sohasida faol hamkorlik qilish bo’yicha qiziqish bildirildi. Hamkorlikni kuchaytirish maqsadida, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a'zo davlatlarning rasmiy axborot agentliklari o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi Memorandumni imzolash masalasini ishlab chiqish taklif qilindi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida 2021-2022 yillarga mo’ljallangan Axborot va media sohasidagi Harakatlar rejasi muhokama qilindi. Dunyo hamjamiyatini boy tarixiy va madaniy merosni, Turkiy kengash davlatlarining tobora o'sib borayotgan savdo-iqtisodiy va turistik salohiyatini mustahkamlash, rivojlantirish va tanishtirish hamda madaniyat va san'at sohasidagi istiqboldagi ishlar bo'yicha qo'shma chora-tadbirlarni ko'rish ustuvor vazifaga aylandi. Buning uchun turkiy tilli davlatlar tarixi va madaniyati haqida badiiy va hujjatli filmlarni suratga olish, ommaviy axborot vositalari mutaxassislari uchun o'quv kurslari va almashinuv dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.