1-apreldan mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi oshiriladi

Prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi.
Hujjatga ko'ra, 2022-yil 1-apreldan boshlab mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – 440 000 so‘mdan 622 000 so‘mgacha oshiriladi.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 000 so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi joriy etiladi.
Parvarishlash nafaqasi fuqarolarning Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga qilgan murojaatlari asosida budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tayinlanadi va to‘lanadi.
Bundan tashqari, 2022-yil 1-apreldan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda 2022-yil 1-oktabrdan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarning qonuniy vakillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Moliya vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2022-yilning oktabr oyidan boshlab 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalarni hamda parvarishlash nafaqasini fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda “proaktiv shakl”da tayinlash tizimi joriy etiladi.






