1-maydan maʼmuriy jarimalar 15 kunda to‘lansa 50 foiz chegirma qoʻllaniladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish kiritish bo‘yicha Qonunni imzoladi. Kodeksning 332-1-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini yoki 30 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.
Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:
• Kodeksning 131, 132, 136 va 140-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda;
• jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;
• xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilganda.
Qonun 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kiradi.






