1000 so’mlik tanga muomoalaga chiqariladi

Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2022-yilning 26-dekabridan boshlab nominal qiymati 1000 soʼm boʼlgan tanga koʼrinishida pul belgilari muomalaga chiqarilishini maʼlum qildi. Qayd etilishicha, 1000 soʼmlik tanga bugungi kunda muomalada boʼlgan 1000 soʼmlik banknotlar bilan bir qatorda muomalada boʼladi.

Ma’lum qilinishicha, Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy bankining nominal qiymati 1000 soʼm boʼlgan tanga koʼrinishidagi pul belgisi 2 xil rangdagi kombinatsiyadan iborat boʼlib, ichki aylanasi sariq rangli mis va latun, tashqi aylanasi kumush rangli nikel qotishmasidan tayyorlangan.

Tanganing old tomonida (avers) Toshkent shahrida bunyod etilayotgan “Islom sivilizatsiyasi markazi”ning binosi tasvirlangan. Tasvirning pastki qismida botiq holda tanga qiymati “1000” raqami va lotin bosma harflarida “som” soʼzi yozilgan.

Tanga orqa tomoni (revers) markazida Oʼzbekiston Respublikasining Davlat Gerbi tasvirlangan. Gerbning tashqi aylanasi boʼylab bosma lotin harflarida aylanasimon koʼrinishda “OZBEKISTON MARKAZIY BANKI” soʼzlari yozilgan.

Gerbning ostida tanga namunasi tasdiqlangan yil – “2022” raqami koʼrsatilgan. Tanganing yon qirrasi silliq ishlangan.

Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayd etishicha, “Muomalaga chiqarilayotgan 1000 soʼmlik tanga koʼrinishidagi pul belgilari bugungi kunda muomalada boʼlgan 2001-yil namunasidagi 1000 soʼmlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada boʼladi, yaʼni, 2001-yil namunasidagi 1000 soʼmlik banknotlar ham toʼlov qobiliyatini yoʼqotmaydi.

Shuningdek, yangi koʼrinishdagi ushbu pul belgilari ayni paytda muomalada boʼlgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xoʼjalik yurituvchi subʼektlar va aholi tomonidan oʼz qiymati boʼyicha barcha turdagi toʼlovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart”.