110,9 milliard so‘mlik 163 ta investisiya loyihasi moliyalashtirildi

Joriy yilning, 21 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Toshkent yoshlar forumida ishtirok etib, yoshlarga yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning mavjud mexanizmlari va investitsiyaviy muhitda ularning faolligini oshirish istiqbollari haqida so’zlab berdi.
U o‘z nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyati, respublikamizning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi yo‘lidagi dadil qadamlar, shuningdek xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarning O’zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi.
S.Umurzakov uchrashuvdagi nutqi davomida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dasturlar ijrosi natijalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, o‘tgan yil davomida mamlakatimizda 192 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilib, 345,4 milliard so‘mlik 185 ta loyiha amalga oshirilgani evaziga 3,5 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgani haqida ma’lum qilindi. Shu bilan birga, umumiy qiymati 1,7 trln so‘mdan ortiq bo‘lgan 3,1 mingdan ko’proq loyiha amalga oshirilib, ularda qo‘shimcha 36,4 ming yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida umumiy qiymati 110,9 milliard so‘mlik 163 ta investisiya loyihasi moliyalashtirildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan investitsiyaviy muhitida yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan 100 ta eng yaxshi innovatsion investitsiya loyihalari tanlovi boshlangani haqida e’lon qilindi.






