O’tgan yilda birja orqali 118 mingdan ziyod avtoraqamlar sotilgan

2022-yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida 304,1 mlrd so‘mlik 118 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotilgan. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 494,9 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 348,0 mln so‘mni tashkil qilgan.
Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,6 mln so‘mni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 91% jismoniy shaxslar, 9% yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 5% – birinchi toifadagi avtoraqamlar, 8% – ikkinchi, 8% – uchinchi, 11% – to‘rtinchi, 22% – beshinchi va 46% – oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (31%) Samarqand va Qashqadaryo (8% dan), Namangan, Andijon va Surxandaryo (7% dan), hamda Xorazm (6%) viloyatlarida xarid qilingan.
Ma’lum qilinishicha, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80% – O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga, 20% – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.






