12-aprel - Butunjahon aviatsiya va kosmonavtika kuni

12-aprel kuni butun dunyo Aviatsiya va kosmonavtika kunini nishonlaydi. 1961-yil 12-aprelda Sovet Ittifoqi fuqarosi, katta leytenant Yuriy Gagarin dunyoda birinchi marta “Vostok” kosmik kemasi sahnida Yer atrofida orbital parvozni amalga oshirib, insoniyat tarixidagi kosmosga ilk parvozni amalga oshirdi.

108 daqiqa davom etgan parvoz koinotni tadqiq etishda ulkan yutuq sifatida e’tirof etildi. Yuriy Gagarinning nomi dunyoga mashhur bo‘ldi va birinchi kosmonavt muddatidan oldin mayor harbiy darajasini oldi, Sovet Ittifoqi Qahramoni oliy unvoni va Oltin Yulduz ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ma’lumki, inson kosmik kemaga chiqishdan oldin uning to‘rt oyoqli do‘stlari parvozga jo‘natilgan. 1960 yil avgust oyida ekipaji tarkibida “Belka” va “Strelka” laqabli ikki it bo‘lgan sovet fazoviy kemasi ko‘kka uchgan.

Kosmonavtika kuni bayram sifatida sobiq Sovet Ittifoqida 1962-yil 9-aprel kuni SSSR oliy kengashi prezidiumi farmoni bilan tashkil etilgan va 1968-yil Xalqaro aviatsiya federatsiyasi konferensiyasida xalqaro maqom olgan. 2011-yildan buyon bu sana boshqa nom bilan, ya’ni Butunjahon aviatsiya va kosmonavtika kuni sifatida nishonlanadi.

2011-yil 7-aprelda BMT Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari yalpi majlisida Rossiya tashabbusi bilan kosmosga ilk qadamning 50 yilligi munosabati bilan fazoni tadqiq qilish rezolyutsiyasi qabul qilingan.

Ma’lumot o’rnida, 2001-yildan buyon Amerika kosmik ishlab chiqarish bo‘yicha maslahat kengashi tashabbusi bilan 12-aprel kuni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida “Yuriy kechasi” tadbiri o‘tkaziladi.

Ushbu sana ikki voqeaga bag‘ishlangan: odamning koinotga ilk parvozi – 1961-yil 12-aprel, SSSR va “Space Shuttle” dasturi bo‘yicha birinchi odam parvozi – 1981-yil 12-aprel, AQSH.