Qanday qilib goʻsht, tuxum va yogʻ olishda 12 foiz QQSni qaytarib olish mumkin?

Xabaringiz bor, Prezident qaroriga binoan 1-maydan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslarga chakana savdo obyektlaridan ayrim tovarlarni sotib olganda xarid summasidan 1 foiz miqdordagi keshbek oʻrniga 12 foiz QQS qaytariladi.
Chegirma quyidagi mahsulotlar uchun amal qiladi:
• Qoʻy goʻshti;
• Parranda goʻshti;
• Mol goʻshti;
• Tuxum;
• Oʻsimlik yogʻi.
Soliq qoʻmitasining taʼkidlashicha, QQSni qaytarib olish uchun “Ijtimoiy himoya yagona reestri”dagi isteʼmolchi Soliq mobil ilovasini yuklab olib, FACE ID orqali roʻyxatdan oʻtishi hamda ilovada xarid chekining QR-kodini skaner qilishi lozim.
QQSni qaytarishda sotib olingan mahsulot QQS qaytariladigan mahsulotlar roʻyxatiga kirgani, xaridor “Ijtimoiy himoya yagona reestri” da ekani hamda tadbirkor QQS toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtgani inobatga olinadi.
Agar reestrdagi isteʼmolchi:
• QQS qaytariladigan mahsulotlar bilan birga boshqa turdagi mahsulotlarni xarid qilib chekni roʻyxatdan oʻtkazganda QQS qaytariladigan mahsulotlar uchun 12 foiz, boshqa turdagi mahsulotlar uchun 1 foiz keshbekka ega boʻladi;
• QQS toʻlovchisi boʻlmagan tadbirkorlik subyektidan QQS qaytariladigan mahsulotlar sotib olganda 1 foiz keshbek qaytariladi.
• QQS summasi chek roʻyxatdan oʻtkazilgan oydan keyingi oyning 25 sanasidan so‘ng Soliq mobil ilovasi orqali toʻlab beriladi.






