13 yillik tanaffusdan so‘ng: C&A bilan aloqalar qayta tiklanmoqda

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Germaniyaning Dyusseldorf shahrida Yevropaning C&A kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Muzokaralarda ushbu yirik kompaniyaning brend-do‘konlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, mamlakatimizdagi tikuv korxonalarini “C&A” ishlab chiqarish zanjiriga bog‘lash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston paxtasiga joriy qilingan cheklovlar butunlay olib tashlanishi hamda GSP+ benefitsiar maqomini olgani munosabati bilan mamlakatimizning 6200 turdagi mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi davlatlariga olib kirishda ko‘plab yengilliklar taqdim etilib, ular bilan hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda.

Savdo-sanoat palatasi vakillari ham tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, milliy mahsulotlarni jahon bozorida o‘z xaridorini topishga ko‘maklashish maqsadida, 16-18-may kunlari Germaniya Federativ Respublikasida ishchi tashrif bilan bo‘lishdi.

Xususan, 16-may kuni O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov bosh qarorgohi Germaniyaning Dyusseldorf shahrida joylashgan Yevropaning yirik C&A kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda germaniyalik hamkorlar tomonidan kompaniya to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Unga ko‘ra, C&A kompaniyasining bir yillik daromadi 5 mlrd. yevroni tashkil etsa, undan asosiy qismi to‘qimachilik maxsulotlarini o‘z ichiga qamrab oladi.

Ta’kidlanishicha, “C&A” umumiy buyurtmalarining qariyb yarmi Bangladesh mamlakatiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Turkiya, Pokiston, Xitoy, Kambodja, Hindiston va boshqa mamlakatlarda “C&A” buyurtma asosida o‘z mahsulotlarini ishlab chiqaradi.

Uchrashuv davomida ushbu kompaniya brend-do‘konlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, mamlakatimizdagi tikuv korxonalarini “C&A” kompaniyasi ishlab chiqarish zanjiriga bog‘lash masalalari ko‘rib chiqildi.