20 mingdan ortiq ishsiz shaxslar haq toʼlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan

Joriy yilning 21-iyul kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo'lib o'tmoqda. Kengash majlisini Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bormoqda.
"Ish oʼrinlari yaratish boʼyicha amalga oshirilgan ishlar holati Senatning masʼul qoʼmitalari va boʼlinmalari tomonidan hududlarga chiqqan holda oʼrganib borilmoqda, tahlil qilinmoqda.
Navbatdagi oʼrganishlar Buxoro, Jizzax, Namangan va Fargʼona viloyatlarida oʼtkazildi.
Qayd etish kerak, yil boshidan buyon ushbu hududlarda aholi bandligini taʼminlash boʼyicha eʼtiborga molik ishlar qilingan.
Xususan, mehnat organlari koʼmagida jami 52 ming nafardan ziyod fuqaro boʼsh ish oʼrinlariga ishga joylashtirilgan.
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj boʼlgan 1,3 mingga yaqin shaxs band qilingan (kvota) ish oʼrinlariga joylashtirilgan.
20 ming nafardan ortiq ishsiz shaxslar haq toʼlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan.
16 ming nafardan ziyod ish bilan band boʼlmagan aholi kasb-hunarga, tadbirkorlik koʼnikmalariga oʼqitilgan.
Shu bilan birga, oʼrganishlar va tahlillar bu borada qator muammolar mavjudligini, yangi ish oʼrinlari yaratish boʼyicha belgilangan rejalardan ortda qolinayotganini, qoʼshib yozishlarga yoʼl qoʼyilayotganini ham koʼrsatmoqda", deya ta'kidladi Senat Raisi o'z nutqida.






