2021 yil yanvar-iyun oylarida respublikamiz iqtisodiyotining YaIM hajmi 6,2 foizga o'sdi

Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2021-yilning birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Ta’kidlangandek, 2021-yil yanvar-iyun oylarida respublikamiz iqtisodiyotining YaIM hajmi 6,2 foizga o‘sib, dunyoda kechayotgan pandemiyaga qaramay 318,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Iqtisodiy o‘sish sanoatda 8,5 foiz, qurilishda 0,1 foiz, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 1,8 foiz hamda xizmatlarda 8,0 foizga o‘sgan. Inflyatsiya darajasi yil boshidan 4,4 foizni, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 10,9 foizni tashkil etgan.
Davlat budjeti daromadlari 2021-yil 1-yarim yilligida 74,9 trln so‘mni tashkil etib, prognozga nisbatan 107,8 foizga yoki 5,4 trln so‘mga oshirib bajarilgan. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trln so‘mga oshgan.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha joriy yil yanvar-iyun oylarida soliq to‘lovchilarga respublika budjetidan 7,6 trln so‘m, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 barobardan ko‘p mablag‘ qaytarib berilgan.
Davlat budjetining 2021-yil 1-yarim yilligi xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 79 trln 331,9 mlrd so‘mni aniqlangan reja ko‘rsatkichlariga nisbatan 96,9 foiz yoki YaIM ga nisbatan 24,9 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida mahalliy budjetlar daromadlar qismi prognozga nisbatan 118,9 foiz, xarajatlar qismi rejaga nisbatan 97,3 foizga ijro etilgan.
Mahalliy budjetlar mustaqilligini oshirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy budjetlar daromad ko‘rsatkichi 2 trln 639 mlrd so‘m ortig‘i bilan ijro etilgan.






