2021-yilda ishsiz ayollar oʼrtasida jinoyatchilik 1,7 baravarga ortgan

Davlatimiz rahbari sohadagi muammoli masalalarni ham sanab oʼtdi.

Xususan, “Аyollar daftari”da 630 mingdan ziyod xotin-qizlar roʼyxatda turibdi, ulardan 200 ming nafari ishsiz hisoblanadi.

2021-yilda ishsiz ayollar oʼrtasida jinoyatchilik 1,7 baravarga, 18-30 yoshdagi xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa 2 baravarga koʼpaygan.

Bulardan tashqari, oilada ayollarni xoʼrlash, ularga zoʼravonlik qilish va tazyiq oʼtkazish holatlari hali mavjud.

Oʼtgan 2021-yilda 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada eri, qaynonasi, kelini tomonidan zoʼravonlik boʼlayotgani haqida profilaktika inspektorlariga murojaat qilgan. Bu raqamlar 2020-yilga nisbatan 2,5 baravar koʼp.

"Аfsuski, bu muammolarni hal etishda mahalla faollari, jamoatchiligimiz va nuroniylarimizning oʼrni va taʼsiri ham sezilmayapti.

Bir narsani aniq tushunishimiz kerak. Ham, oila, ham bola tarbiyasi bilan shugʼullanish bilan birga, oʼqish, ish yoki tadbirkorlikni olib borish katta matonat talab qiladi", dedi Prezident.