2022-yil 1-yanvardan Toshkent shahri hududida jamoat transport haqi oshishi kutilmoqda

Toshkentda 2022-yil 1-yanvardan avtobus va metropolitenda yo‘lkira narxi 1 700 so‘m etib belgilanishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimining “Yangi tariflar joriy qilinishi to‘g‘risida”gi qarori loyihasida ma'lum qilingan.

Qarorda keltirilishicha, yo‘lkira haqi yig‘ilishida shaffoflikning ta’minlanishi shahar jamoat transportida naqd pul orqali to‘lovlarni amalga oshiruvchi yo‘lovchilar soni kamayishi evaziga transport kartalaridan foydalanuvchilarning soni va ulardan tushadigan mablag‘larning keskin o‘sishiga, ular tomonidan cheklangan tariflar asosida ko‘riladigan zararlar miqdorining kamayishiga olib keladi.

2022-yilda yangi tariflarning joriy etilishi natijasida dastlabki hisob-kitoblarga binoan, “Toshshahartransxizmat” AJ tizimidagi avtobus saroylari hamda “Toshkent metropoliteni” UKning kutilayotgan umumiy zararining miqdori kamayishi evaziga shahar mahalliy budjetida 128—130 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar tejalishi kutilmoqda.

Ushbu hujjat loyihasi 11-dekabr kuni jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan bo‘lib 26-dekabrgacha davom etadi.

Ayni paytda Toshkentdagi avtobus va metropolitenda yo‘lkira narxi 1 400 so‘mni tashkil etadi.