2023-yilda 5 million nafar aholi bandligini taʼminlash zarurligi ta’kidlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambagʼallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash hamda kichik biznesni rivojlantirishga qoʼshimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda.
Unda kambagʼallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va kichik biznesni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha 2023-yil uchun rejalar muhokama qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari kambagʼallikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilganini taʼkidladi
Natijada oʼtgan yilning oʼzida kambagʼallik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani, bunda hokim yordamchilari 1 million nafar aholini kasb-hunarga oʼqitib, tadbirkorligini boshlashga koʼmaklashgani, daromadli ish bilan band qilgani muhim omil boʼlgani qayd etildi.
Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti tashkil qilindi, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona quvvati tiklandi.
Bu ishlarni 2023-yilda davom ettirish, bandlikni taʼminlash boʼyicha barcha tarmoq va hudud rahbarlariga aniq topshiriqlar berilgan.
Jumladan, 2023-yilda 5 million nafar aholi bandligini taʼminlash, shu jumladan 2 millionta doimiy ish oʼrinlarini yaratish zarurligi koʼrsatib oʼtildi.






