2023-yildan Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilinadi

Prezident farmoni bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab 30 kun muddatga Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun O‘zbekistonda vizasiz rejim joriy qilinadi.
Bu O‘zbekiston Prezidentining 16-avgustdagi PF-190-son farmonida aks etgan.
“2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga o‘z yoki uchinchi mamlakat aviachiptasini taqdim qilgan Saudiya Arabistoni Podshohligi fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilinadi”, — deyiladi hujjatda.
Qayd etilishicha, farmon O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida madaniy, ilmiy va investitsiyaviy iqlimni yaxshilash, shuningdek, mamlakatlarning turistik salohiyatini rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan xalqaro munosabatlarni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida qabul qilinmoqda.






