2026-yilga borib, mamlakat iqtisodiyoti ehtiyojlari uchun 6 mln tonnaga yaqin metall kerak bo‘ladi

O‘zbekiston metallurgiya kombinatida 12-avgust kuni ushbu sohani rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib unda to‘rtta asosiy vazifa ko‘rsatib o‘tildi.
2026-yilga borib, mamlakatimiz iqtisodiyoti ehtiyojlari uchun 6 million tonnaga yaqin metall kerak bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Qolaversa, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat, logistika zanjiridagi uzilishlar yirik metallurgiya korxonalari faoliyatiga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Davlatimiz rahbari bu sharoitda faqat o‘z metallurgiya sanoatimizni jadal rivojlantirish orqali maqsadga erishish mumkinligini ta’kidladi. Bu boradagi to‘rtta asosiy vazifa ko‘rsatib o‘tildi.
Birinchisi - metall ishlab chiqaruvchi korxonalarni xomashyo bilan kafolatli ta’minlash. Ikkinchisi - barcha hududlarda metall ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash. Uchinchisi - yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlari uchun zamonaviy metall konstruksiyalar ishlab chiqarish. To‘rtinchisi - malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish.
Bosh vazir maslahatchisi B.Islomov mamlakatimizda 1 milliard 200 million tonna temir rudasi zaxiralari borligini qayd etdi.
Yangi konlarda, shu jumladan, Qorao‘zakdagi “Tebinbuloq” konida olib borilayotgan ishlar haqida hisobot berdi. Shuningdek, Prezident hududlardagi shunday korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi. Videoselektor yig‘ilishida viloyat hokimlari, kon-metallurgiya kombinatlari jamoasi, tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar ishtirok etdi.






