207 ta saylov uchastkasida saylov jarayonlari onlayn video-translyatsiya qilinadi

Saylov jarayonlari “saylov2021.uz” portali hamda OʼzMTRKning “Oʼzbekiston 24” va boshqa telekanallarida onlayn tarzda uzatib boriladi.
2021-yil 13-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Majlis kun tartibidan Аyrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlarni belgilash, Saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarini joriy etish, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar, Oʼzbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan hamda OAV vakillarini akkreditatsiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʼtkazish masalalari joy oldi.
Saylov jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ochiqlik va oshkoralikni taʼminlaydi, shuningdek, saylovchilar uchun har tomonlama qulayliklar yaratib beradi. Shu bois, bir qator davlatlar saylov jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanib kelmoqda.
Hususan, ovoz berish kuni mamlakatimiz hududida joylashgan 207 ta saylov uchastkasida saylov jarayonlari onlayn video-translyatsiya qilinadi. Video-translyatsiya jarayoni Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida katta hajmdagi ekran orqali, shuningek, “saylov2021.uz” portali hamda Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Oʼzbekiston 24” va boshqa telekanallarida onlayn tarzda uzatib boriladi.
Shu kunga qadar akkreditatsiyadan oʼtkazilgan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar umumiy soni 557 nafarni tashkil etmoqda.
Endilikda akkreditatsiyadan oʼtkazilgan mahalliy OАV vakillari jami 1419 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 146 nafarni tashkil etmoqda.






