22 ta aviareys tashkillashtirilib, 5 037 nafar O‘zbekiston fuqarosi Ukrainadan olib kelindi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining axborotiga ko’ra, 2022-yilning 8-9-mart kunlari Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 250 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelindi.

28-fevraldan 9-martga qadar 22 ta aviareys tashkillashtirildi hamda urush bo‘layotgan joylardan 5 037 nafar vatandoshimiz qaytarildi.

Ukrainadan "Karchova" nazorat-o’tish punktiga kelayotgan O'zbekiston fuqarolarining sonini kamayishi kuzatilmoqda.

9-mart kuni yana bitta reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mamlakatimizning Ukrainadagi Elchixonasi tomonidan Sumi shahridan 23 nafar o'zbekistonlik talaba xalqaro gumanitar tashkilotlar shafeligida evakuatsiya qilindi.

Ukrainaning turli joylaridan fuqarolarni evakuatsia qilish bo’yicha ishlar davom etmoqda. Bunda asosiy e’tibor urush harakatlari kuzatilayotgan chekka hududlarda qolib ketgan hamyurtlarimizni olib chiqishga qaratilmoqda.

O'zbekistonlik diplomatlar Moldova Respublikasida bo’lib, ushbu mamlakatdan vatandoshlarimizni evakuatsiya qilish masalasini ishlab chiqmoqdalar.