323,5 mlrd soʼmlik mablagʼlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tegishli qarorlari qabul qilinmasdan sarflangan

Fargʼona viloyati mahalliy budjetining 2021-yil va joriy yilning birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan viloyatda oʼtkazilgan oʼrganish natijalari keng muhokama qilindi.

“Fargʼona viloyati haqida gap borar ekan mahalliy budjetning 2021-yil va joriy yilning birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan viloyatda oʼtkazilgan oʼrganish natijalariga oid ayrim raqamlarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman:

1) Budjet kodeksiga rioya qilmagan holda mahalliy budjetning qoʼshimcha manbalari hisobidan oʼtgan yili 2,6 mlrd soʼmdan ortiq mablagʼ mahalliy budjet hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilmagan tashkilotlarni (ichki ishlar, soliq boʼlinmalari) saqlab turish xarajatlariga yoʼnaltirilgan (masʼul – viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʼallikni qisqartirish masalalari boʼyicha birinchi oʼrinbosari);

2) mahalliy budjetlarning qoʼshimcha manbalari hisobidan 323,5 mlrd soʼmlik mablagʼlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tegishli qarorlari qabul qilinmasdan sarflangan. Shuningdek, avval sarflab boʼlib, keyin Kengashga kiritilgan holatlar bor: ichki ishlar xodimlari kunini nishonlashga – 467,4 mln soʼm, tibbiyot xodimlari kuniga – 326 mln soʼm va h.k. (masʼul – viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʼallikni qisqartirish masalalari boʼyicha birinchi oʼrinbosari)

Bunday kamchiliklarni Namangan viloyati misolida ham keltirish mumkin.

Xususan, oʼtgan yili viloyatda qariyb 3 mlrd soʼm mablagʼ mahalliy budjet hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilmagan tashkilotlarni saqlash xarajatlariga yoʼnaltirilgan. Masalan, viloyat Soliq boshqarmasiga 2 ta avtomashina sotib olish va binoni taʼmirlash uchun – 1,5 mlrd soʼm, tuman, shahar soliq inspeksiyalari binolarini taʼmirlash va boshqa xarajatlari uchun – 963 mln soʼmdan ziyod mablagʼ ajratilgan”, deya ta’kidladi Senat raisi Tanzila Narbayeva.